31-yanvar kuni Yangihayot tumanidagi 8-umumta’lim maktabi hamda Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan “Yangicha baholash — yangicha yondashuv” mavzusida mezonli baholash tizimi bo‘yicha seminar tashkil etildi.
Seminarni Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ergashev ochib berdi. Seminar tinglovchilari — metodik yordamga muhtoj umumta’lim maktablari direktorlarining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari. Tadbir doirasida o‘quv treninglari bo‘lib o‘tdi, ulardan birida eMaktab raqamli ta’lim manbalari bo‘limi mutaxassisi Feruza Meyliyeva so‘zga chiqdi.
Sharq universiteti, markazlashtirilgan ta’lim manbalari departamenti va Toshkent shahar ta’lim boshqarmasi mutaxassislari ham ma’ruza bilan so‘zga chiqishdi.
“Biz maktablarimizda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari va direktorlar faoliyatini takomillashtirish maqsadida yig‘ildik. Seminar doirasida psixologik treninglar ko‘zda tutilgan, ular bolalar bilan qanday muloqot qilish, ularni o‘quv jarayoniga qanday moslashtirishni tushunishga, shuningdek, biz, pedagoglar samaraliroq ishlashimizga yordam beradigan uslubiyatlarni chuqurroq o‘rganishga yordam beradi. Seminar doirasida pedagoglar eMaktab platformasida mezon jurnallari bilan ishlashni o‘rganishdi, shuningdek, taklif qilingan mutaxassislarning boshqa taqdimotlari bilan tanishishdi. Natijada, ushbu seminar maktablarda yangi o‘qitish texnologiyalari va yondashuvlarini joriy etish orqali ta’lim-tarbiya ishlarini takomillashtirish, o‘qitish sifatini oshirishga yordam beradi”, – deydi 8-maktab tarix fani o‘qituvchisi Hasanov Muhammad-Rizo Mirhamidovich.
“Men pedagoglarga mezonli baholashning mohiyatini soddalashtirilgan shaklda taqdim etishga harakat qildim, mezonli maktablarda jurnal yuritishning o‘ziga xos xususiyatlari, summativ va formativ baholar bilan texnik ishlar haqida so‘zlab berdim. Quvonarlisi, pedagoglar juda faol ishtirok etishdi: savollar berishdi, o‘z fikr-mulohazalari va amaliyotdagi qiziqarli holatlar bilan o‘rtoqlashishdi. Mening ma’ruzam BSB va CHSB sinovlarini onlayn formatda o‘tkazish imkoniyatlariga qaratilgan va men muntazam ravishda hamjamiyatdagi o‘qituvchilar uchun shunday seminarlar o‘tkazaman. Bugungi kunda havola orqali BSB va CHSBga tayyorgarlik ko‘rish uchun trenajyorlarda mashq qilish mumkin”, – deydi eMaktab raqamli ta’lim manbalari bo‘limi mutaxassisi Feruza Meyliyeva.
“Onlayn-CHSB topshirish juda oson va qulay bo‘lar ekan. Shuncha yengillik yaratib, yangiliklar kiritayotganingiz uchun rahmat. Ilgari qancha qog‘ozbozlik, ovoragarchilik bo‘lardi... Hozir nazorat qilish ham juda qulay. Eng quyi 5-6-sinflar oson o‘tdi, yuqori sinflarda yanada qulay bo‘ladi. Onlayn-BSB va CHSB evaziga ota-onalar ham faollashdi, bunday imkoniyat uchun katta rahmat”, - deydi Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidagi 1-sonli maktab direktorining o‘quv jarayoni bo‘yicha o‘rinbosari Sitora Nazarova.
Bunday o‘quv tadbirlari tajribali va yosh mutaxassislar uchun ham foydali. Olingan bilim va ko‘nikmalar ish sharoitiga tezroq moslashishga yordam beradi. Tajriba almashish, hamkasblar bilan muloqot qilish, mavjud savollarga javob olish imkoniyati kasbiy o‘sishni rag‘batlantiradi.