O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan V Milliy o‘qituvchilar forumi doirasida eMaktab milliy ta’lim platformasi vakillari 2026/2027-o‘quv yili uchun sifatli va hamyonbop ta’limga mo‘ljallangan raqamli vositalar hamda yechimlarni taqdim etdi.
Bu yilgi Milliy o‘qituvchilar forumi “Sifatli ta’lim — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” shiori ostida o‘tkazilib, mamlakat hududlaridan 300 nafardan ortiq pedagog va tarbiyachini o‘zida birlashtirdi.
Maktab ta’limini yanada raqamlashtirish va o‘qituvchilarning ma’muriy yuklamasini kamaytirish forumning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. eMaktab mentorlari maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash, elektron jurnal yuritish va ta’lim natijalari monitoringi bilan bog‘liq yangilanishlarni, shuningdek, platformani rivojlantirishning yangi yo‘nalishlarini namoyish etdi.
Maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash
2026/2027-o‘quv yilida darslar boshlanguniga qadar maktab ma’lumotlarini to‘g‘ri va o‘z vaqtida tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Bularga sinflarni yangi o‘quv yiliga o‘tkazish, birinchi sinf o‘quvchilarini qo‘shish, dars jadvali va o‘quv choraklarini sozlash, shuningdek, rasmiy taqvim-mavzu rejalarini yuklash kiradi.
Qo‘l mehnatini kamaytirish maqsadida platformada maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlashga doir operatsiyalarning bir qismi avtomatlashtirildi. Tizim zarur vazifalarning qariyb 25 foizini avtomatik tarzda bajara oladi, yana 50 foiz operatsiyalar esa foydalanuvchining birgina harakati bilan amalga oshiriladigan darajada soddalashtirildi. Asosiy yangilanishlardan biri — eMaktab platformasining ERP.MAKTAB.UZ tizimi bilan integratsiyasi yanada kuchaytirilgani. O‘quv yili boshida maktab sinflarni tayyorlab, “Sinxronizatsiya” funksiyasi yordamida jarayonni ishga tushirishi lozim. Shundan so‘ng o‘quvchilar va sinflar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ERP tizimi bilan sinxronlashadi: o‘quvchilarni qabul qilish va chetlatish, shaxsiy ma’lumotlarni yangilash hamda o‘quvchilarni yangi o‘quv yiliga o‘tkazish kabi amallar eMaktab’da aks etadi. Keyinchalik o‘quvchilarni qabul qilish, bir sinfdan boshqasiga o‘tkazish, chetlatish va bitiruv bilan bog‘liq o‘zgarishlar ERP.MAKTAB.UZ tizimiga kiritiladi va eMaktab’da avtomatik ravishda ko‘rinadi. Shuningdek, hisobot davrlari, ta’lim tili va elektron jurnalning an’anaviy yoki mezonli turi kabi ayrim asosiy sinf sozlamalari ham avtomatlashtiriladi.
Taqvim-mavzuli rejalar bilan ishlash ham soddalashadi. Tasdiqlangan yillik taqvim-mavzuli rejalar tizimga markazlashgan holda joylashtiriladi. O‘qituvchi jurnalda “MMTVdan tayyor TMR” funksiyasini tanlab, zarur rejani qo‘lda yaratmasdan yuklab olaveradi.

Elektron jurnal sozlamalarini tekshirish
Yangi o‘quv yilida eMaktab elektron jurnallar sozlamasi to‘g‘riligini tekshirish vositalarini kengaytirmoqda. Tizim maktab ma’muriyati va o‘qituvchilarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nomuvofiqliklar haqida xabardor qila oladi, jumladan, jurnal fanini va baholash davrini tekshiradi. Mezonli baholash tizimi joriy etilgan sinflarda esa tanlov fanlarining sinf sozlamalariga mosligi ham nazorat qilinadi.
Bu yakuniy natijalarni e’lon qilish va ma’lumotlarni boshqa axborot tizimlariga uzatishdan avval jurnallar sozlamasidagi xatoliklarni aniqlash hamda tuzatish imkonini beradi.
Oʻquv jarayonini monitoring qilish
Forum doirasida respublikaning barcha hududlaridan kelgan hududiy monitoring bo‘limlari, o‘quvchilar bilimini baholash va tahlil qilish bo‘limlari rahbarlari hamda maktab direktorlarining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun “O‘quv jarayonini boshqarishda eMaktab platformasidan samarali foydalanish” mavzusida trening tashkil etildi.
Ishtirokchilarga eMaktab platformasining imkoniyatlari, o‘quvchilar bilimini baholash va monitoring qilish, yangi baholash tizimini nazorat qilish, markazlashtirilgan CHSB tashkil etish, shuningdek, o‘quv choragi yakunlarini nazorat qilish bo‘yicha nazariy va amaliy materiallar taqdim etildi.
eMaktab monitoring vositalari mutaxassislarga ta’lim muassasalari bo‘yicha umumiy manzarani ko‘rish, e’tibor talab qiladigan masalalarni aniqlash hamda maktablarga uslubiy va tashkiliy ko‘mak ko‘rsatish imkonini beradi.
BSB va CHSB boʻyicha yangi hisobotlar
Forumda mezonli baholash tizimi bilan ishlovchi maktablar uchun yangi hisobotlar taqdim etildi.
“BSB/CHSB monitoringi” hisoboti maktab ma’muriyatiga baholash ishlarining rejalashtirilgan va amaldagi natijalarini, o‘quvchilar qamrovini, mavjud bo‘lmagan natijalarni, sifat va o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini kuzatish, shuningdek, qo‘shimcha e’tibor talab etadigan sinflar va fanlarni aniqlash imkonini beradi.
“Sinf bo‘yicha tafsilotlar” hisoboti esa umumiy statistikadan aniq bir o‘quvchining natijalariga o‘tishga yordam beradi: bu orqali alohida ishlarning natijalari, bajarilish foizi, individual bo‘shliqlar, yakuniy ballar yig‘indisi va choraklik bahoni ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Robototexnika, dasturlash va 3D modellashtirish bo‘yicha muhandislik sinflari
Shuningdek, forumda maktablarda muhandislik ta’limini rivojlantirishga qaratilgan robototexnika, dasturlash va 3D-modellashtirish bo‘yicha muhandislik sinflari loyihasi ham taqdim etildi. Dastur robototexnika va dasturlash, datchiklar bilan ishlash, Python va Arduino, sxemotexnika hamda 3D-modellashtirishni izchil o‘zlashtirishni, so‘ngra mustaqil muhandislik loyihalariga o‘tishni ko‘zda tutadi. Loyiha zarur uskunalar, o‘quv metodikasi, o‘qituvchilarni tayyorlash va uslubiy qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.
Loyiha dastlab Toshkent shahridagi 20 ta maktabda tajriba tariqasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Tajriba-sinov natijalariga ko‘ra loyihani kengaytirishning keyingi modeli belgilanadi.
Maktab toʻlovlari
2026/2027-o‘quv yilida eMaktab platformaning katta yoshli foydalanuvchilari uchun fintex-servislarni rivojlantirishni boshlaydi. Birinchi yo‘nalish “eMaktab To‘lovlar” bo‘ladi — ushbu servis ota-onalarga maktab tomonidan qo‘yilgan hisobvaraqlarni ko‘rish va ularni raqamli tarzda to‘lash, maktab ma’muriyatiga esa to‘lovlar holatini qo‘lda taqqoslamasdan kuzatib borish imkonini beradi.
Kelajakda moliyaviy servislar to‘plamini kengaytirish, jumladan, ota-onalar uchun yirik to‘lovlarni bo‘lib to‘lash imkoniyati, eMaktab kartalari bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar va boshqa amaliy funksiyalarni joriy etish rejalashtirilgan. “eMaktab To‘lovlar” sinov loyihasi 2026-yil sentyabr oyida Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi xususiy maktablarda ishga tushiriladi, shundan so‘ng loyihani bosqichma-bosqich kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Sun’iy intellekt
eMaktab tomonidan e’lon qilingan tashabbuslar orasida o‘qituvchining SI-yordamchisi, dars konstruktori, yozma ishlarni avtomatlashtirilgan tarzda tekshirish va elektron jurnalni ovoz orqali to‘ldirish kabi yangiliklar bor. Ushbu vositalar pedagoglar uchun platformadagi raqamli servislarni rivojlantirishning navbatdagi bosqichi sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Forumda taqdim etilgan yangilanishlar ta’limni raqamlashtirishning bir nechta bosqichini qamrab oladi. Bular: ma’lumotlarni tayyorlash va sinxronlashtirish, elektron jurnal yuritish, o‘quv jarayoni va baholash natijalarini kuzatib borish, shuningdek, maktablar, o‘qituvchilar va ota-onalar uchun yangi servislarni ishga tushirishdir. O‘zgarishlarning umumiy yo‘nalishi qo‘lda bajariladigan ishlarni kamaytirish va maktabning kundalik faoliyatida ma’lumotlardan yanada tizimli foydalanishga qaratilgan.
eMaktab haqida
eMaktab — O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining yagona raqamli ta’lim platformasi. Ushbu platforma o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ota-onalar, maktab ma’muriyati va ta’limni boshqarish idoralarini birlashtirib, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirishga, tizim ishtirokchilari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga hamda masofaviy, mustaqil va qo‘shimcha ta’lim uchun imkoniyatlar yaratishga yordam beradi.
OAV uchun kontaktlad:
press@emaktab.uz