Onlayn formatda CHSB topshirgan o‘quvchilar soni 1000 ta maktabda 600 mingdan oshdi. Butun mamlakat bo‘ylab 1- va 2-choraklarda 168 ta maktabda, 3-chorakda esa 1200 ta maktabda onlayn CHSB o‘tkazildi. Bunday dinamika bir narsadan dalolat beradi: raqamli ta’lim formatlariga o‘tish vaqtinchalik tajriba emas, balki barqaror taraqqiyot vektoriga aylanmoqda.
Joriy o‘quv yilining boshidan chorak uchun summativ baholash ishlarini (CHSB) eMaktab platformasida onlayn topshirish mumkin. 2025-yilning I choragida 1 milliondan ortiq o‘quvchi tayyorlanish va topshiriqlarni bajarish uchun platformadan foydalangan.
O‘quvchilar va o‘qituvchilar bu haqda qanday fikrda?
🔹 65% respondentning fikricha, bir zumda chiqadigan natija o‘z xatolarini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
🔹 53% respondent onlayn-CHSB o‘qishdagi shaxsiy yutuqlarni nazorat qilishga yordam berishini ta’kidlaydi.
🔹 57% respondent muntazam tayyorgarlik evaziga imtihon oldi o‘ziga ishonchni oshirishga yordam berganini tan oldi.
🔹 60% respondent onlayn-CHSB qog‘ozda bajariladigan testlardan samaraliligiga ishonchi komilligini qayd etdi.
*Manba: eMaktab rasmiy Telegram-kanalida o‘quvchilar va o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma
Kudratullayeva Alina, Toshkent shahridagi 120-sonli maktabning 7-“G” sinf o‘quvchisi:
“Menga onlayn-CHSB tizimi yoqadi – u doim ham oson bo‘lmasa-da, halol va qulay. To‘g‘ri, har bir bahoni kuzatib borish, hech bir topshiriqni o‘tkazib yubormaslikka harakat qilish kerak. Ammo aynan shu sababli o‘quvchilarning ko‘pchiligi astoydil o‘qishni boshlagan va bu – katta yutuq.
Biz algebra, geometriya, rus tili, adabiyot va biologiya fanlaridan CHSB topshirdik. Savollar har xil edi: ba’zilari oson, ba’zilari murakkabroq. Men 38 ball oldim va ko‘nglim to‘ldi. Natijalarni avvalgidek bir oy kutish shart emasligi juda qulay. Testdan so‘ng darhol natija ko‘rinadi – bu qayerda xato qilganingizni tushunishga yordam beradi”.
Zarina Baxtiyorovna Xakimova, Toshkent shahar 120-sonli maktabda tarix fani o‘qituvchisi:
“Birinchi chorakdan so‘ng maktabimizda onlayn test sinovlari o‘tkazila boshladi. Dastlab o‘quvchilar topshiriqlar formati bilan tanishishi uchun demo-versiyalarni tashkil etdik, so‘ngra turli fanlar – matematika, rus tili, biologiya va boshqa fanlardan to‘liq yakuniy testlarga o‘tdik. Bunday format bir qator afzalliklarga ega. Birinchidan, bu o‘qituvchi va o‘quvchining vaqtini tejaydi. Ikkinchidan, o‘quvchi test topshirgandan so‘ng natijani darhol oladi, bu esa o‘z xatolarini joyida tahlil qilish imkonini beradi. O‘qituvchi esa ishlarni qo‘lda tekshirmasdan tayyor baholarni oladi. Bu – bilimlarni baholashda qulay, xolis va zamonaviy yondashuv”.
Olga Viktorovna Andreeva, Toshkent shahridagi 120-sonli maktabda ingliz tili o‘qituvchisi:
“Maktabimiz ikkinchi yil mezonli baholash tajribasida ishtirok etmoqda va shu vaqt ichida men o‘qituvchilar uchun ham, o‘quvchilar uchun ham ko‘plab afzalliklarni ko‘rdim. Sinfda 30 dan ortiq o‘quvchi bilan ilgari har doim ham materialning o‘zlashtirilishini bir zumda tekshirish imkoni bo‘lmagan. Endilikda yangi tizim bilan o‘quvchi darsga shunchaki baho olish uchun emas, balki bilimlari nazorat ishida qo‘l kelishini anglagan holda keladi.
Bu yil tizim elektron formatga o‘tdi – bu jarayonni sezilarli darajada soddalashtirdi: material chop etish shart emas, barcha topshiriqlar eMaktab platformasi orqali beriladi. Bundan tashqari, topshiriqlar har bir o‘quvchi uchun turlicha tartibda tuziladi, bu esa boshqalardan ko‘chirib yozish ehtimolini istisno qiladi. Ballar elektron jurnalga avtomatik ravishda qo‘yiladi va o‘qituvchi qo‘lda hisob-kitob qilishga vaqt sarflamaydi. Bunday yondashuv baholash xolisona o‘tishiga xizmat qiladi va o‘quvchilar darsda chindan bilim olishiga urg‘u beradi”.
Demo-versiyalar yordamida tayyorgarlik natijalarga qanday ta’sir qiladi?
eMaktab.Smart’da trenajyorlar va demo-CHSBdan foydalanadigan maktab o‘quvchilari materialni yodlab olmaydi, balki uni tushunib, ko‘p mashq qiladi. Agar to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rilsa, CHSB – qo‘rqinchli emas. Topshiriqlarni ishonch bilan bajarish uchun ozgina mashq qilish kifoya. Muvaffaqiyat siri – sarflangan vaqt miqdorida emas, balki tayyorgarlik sifatida.
“eMaktab platformasidan foydalangan holda tayyorgarlik ko‘rish o‘quvchilarga bir qator muhim ustunliklarni beradi, ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va o‘zlashtirish darajasini oshiradi. Raqamli trenajorlar bilan muntazam shug‘ullanish imtihon oldi hayajonni yengishga yordam beradi, CHSB formati bilan oldindan tanishish imkoniyatini ta’minlaydi. O‘quvchilar topshiriqlarning tuzilishi, asosiy mavzular va namunaviy savollar bilan oldindan tanishadi, bu esa test paytida kutilmaganlik omilini istisno qiladi. 2025-yilning birinchi choragida 440 mingdan ortiq o‘quvchi kamida bitta onlayn trenajordan o‘tgan”, - qayd etdi raqamli ta’lim resurslari bo‘limi boshlig‘i Sabina Yunusova.
eMaktab orqali onlayn ta’limni raqamlashtirish tajribasi shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda ta’limni raqamlashtirish – shunchaki texnologik yangilik emas, balki ta’lim paradigmasida tizimli o‘zgarish sanaladi. Platforma qamrovining jadal o‘sishi (bir o‘quv yilida 168 ta maktabdan 1200 tagacha) – maktablarning yuqori moslashuvchanligi hamda o‘quvchilar va o‘qituvchilar orasida platformaga bo‘lgan talabning yuqoriligini tasdiqlaydi. Onlayn-CHSB shunchaki nazorat vositasi emas, balki ongli ta’lim olish uchun ham turtki bo‘lmoqda.
eMaktab millionlab maktab o‘quvchilari uchun tayanch nuqtasiga aylanib, mamlakatda ta’limning zamonaviy, shaffof va natijaga yo‘naltirilgan bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Shunday qilib, O‘zbekiston raqamli texnologiyalar yordamchi element bo‘lishdan to‘xtab, maktab kelajagining poydevoriga aylanayotgan mamlakatlar qatoriga dadil kirib bormoqda.
4-chorak yakuniga hozir tayyorlanishni boshlang
Havola orqali o‘tib tayyorlanish mumkin.