Рус
eMaktab “Innovatsiyalar vaqti” mukofotida “Yilning eng yaxshi platformasi” deya e’tirof etildi
29 декабря 2025

eMaktab yagona raqamli ta’lim platformasi O‘zbekiston maktab ta’limi sohasida raqamli yechimlarni rivojlantirish va kengaytirishga qo‘shgan hissasi uchun “Yilning eng yaxshi platformasi” nominatsiyasida “Innovatsiyalar vaqti” mukofotiga sazovor deb topildi.

“Innovatsiyalar vaqti” mukofoti iqtisodiyotning asosiy sohalarida texnologik yechimlarni joriy etayotgan loyihalar va kompaniyalarni e’tirof etuvchi nufuzli mukofot sanaladi.

Ushbu mukofot eMaktab’ning O‘zbekiston xalq ta’limi tizimini raqamlashtirishda oʻynagan muhim rolini qayd etdi. Bugungi kunda platforma maktablar, o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ota-onalar, ta’lim tashkilotlari ma’muriyati va ta’limni boshqarish organlarini birlashtirgan yagona milliy raqamli ekotizim sifatida faoliyat yuritmoqda. Tizim asosiy o‘quv va boshqaruv jarayonlarini elektron formatga o‘tkazishni ta’minlaydi: jadvallar va dars rejalarini shakllantirish, davomat va o‘zlashtirish hisobi, elektron jurnallar va kundaliklar ishi, shuningdek, boshqaruv tuzilmalari uchun tahliliy va statistik hisobotlar. O‘quvchilar va ota-onalar kecha-yu kunduz baholar, uy vazifalari, jadval va o‘quv materiallaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa ta’lim jarayonining shaffofligini oshiradi.


2018-yilda Toshkentda sinov tariqasida ishga tushirilganidan soʻng platforma sinov loyihasidan tortib keng ko‘lamli milliy yechimgacha uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. 2025-yilga kelib eMaktab O‘zbekiston boʻylab barcha 10 304 ta maktabda joriy etildi, bu esa to‘liq qog‘ozsiz hujjat aylanmasiga o‘tish imkonini berdi. Loyiha kompaniyaning shaxsiy mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda va “Raqamli O‘zbekiston — 2030” davlat strategiyasini joriy etish uchun amaliy vosita bo‘lib, davlat byudjetidan moliyalashtirishni talab qilmaydi.

O‘tgan yil davomida platformada 1,2 milliondan ortiq baho qo‘yildi, 107 milliondan ortiq dars o‘tkazilib, uyga vazifa berildi va o‘quvchilarning ishtirok etish darajasi 88 foizga yetdi. eMaktab uslubiyatchilari 45 ming o‘qituvchi uchun mingdan ortiq oflayn va onlayn seminarlar o‘tkazdi, texnik qo‘llab-quvvatlash xizmati esa 34 mingta telefon va 73 mingta yozma so‘rovni ko‘rib chiqdi.

Pedagoglarning bilimini baholash va metodik qo‘llab-quvvatlash boʻyicha raqamli ekotizim alohida taraqqiyot yo‘nalishiga aylandi. Butun mamlakat bo‘ylab 1,1 milliondan ortiq 5-11-sinf o‘quvchilari raqamli formatda CHSB sinovlaridan oʻtdi. Respublikaning barcha hududlari boʻylab 200 mingdan ortiq pedagog “Metodik yordam” bo‘limidan foydalandi. BSB va CHSBga tayyorgarlik ko‘rish uchun oltita fan bo‘yicha 200 dan ortiq raqamli trenajor ishlab chiqildi, ulardan 573 ming o‘quvchi foydalandi. 2024-yilda “Raqamli o‘qituvchi” va “Raqamli maktab” tanlovlari, 2025-yilda esa mezonli maktablar uchun “Innovator ustoz — 2025” tanlovi o‘tkazildi. Tanlov yakunida g‘oliblarga kubok, medal, planshet va boshqa qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

eMaktab matbuot xizmati rahbari Malika Reimbayeva mukofot olish haqida fikr bildirar ekan, quyidagilarni ta’kidladi:

“Yetti yil ichida eMaktab sinov loyihasidan butun mamlakat boʻylab barcha maktablarni qamrab olgan milliy raqamli platformagacha uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. Bugungi kunda tizim nafaqat elektron hujjat aylanmasini ta’minlaydi, balki markazlashtirilgan tahlil, mezonli baholash tizimini qo‘llab-quvvatlash va o‘qituvchilarga uslubiy yordam xizmatlarini ham koʻrsatadi. Biz uchun raqamli vositalar har kuni qo‘llanilishi va sezilarli darajada samara berishi muhim: ular o‘qituvchilarning ma’muriy ish yuklamasini kamaytiradi, jarayonlarning shaffofligini oshiradi va ota-onalarni ta’lim jarayoniga jalb qiladi. Mukofotga loyiq deya topilganimiz platformamizning “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasining maqsad va ustuvor yo‘nalishlariga muvofiqligini aks ettiradi. Biz bajarilgan ishlarimizni yuqori baholashgani va erishgan yutuqlarimizni “Yilning eng yaxshi platformasi” nominatsiyasida e’tirof etilshgani uchun “Innovatsiyalar vaqti” mukofoti ekspertlar hamjamiyatidan minnatdormiz.”

eMaktabning “Innovatsiyalar vaqti” mukofotidagi g‘alabasi O‘zbekistonda raqamli ta’lim yechimlarining taraqqiyot darajasini aks ettiradi va texnologiyalarni tizimli joriy etish ta’lim jarayonlarining shaffofligini oshirish, o‘qituvchilar uchun ma’muriy ish yuklamasini kamaytirish hamda maktablar va oilalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish imkonini berishini ko‘rsatadi