O'zb
eMaktab foydalanuvchilarga yordam berish uchun Telegram-botni asosiy qoʻllab-quvvatlash kanaliga aylantirmoqda
Kecha

Ushbu yechim foydalanuvchilar murojaatlarini tezroq qayta ishlash hamda qo‘llab-quvvatlash xizmati bilan o‘zaro muloqotni yanada qulay va tushunarli qilish imkonini beradi.

eMaktab Telegram-boti 2022-yilda texnik qoʻllab-quvvatlash xizmati bilan qo‘shimcha aloqa kanali sifatida ishga tushirilgan edi. Bugungi kunda u platformaning foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha asosiy vositasiga aylanmoqda. Bot odatiy vaziyatlarda tezroq yo‘l topishga yordam beradi, yordam so‘rab murojaat qilishni osonlashtiradi va ayrim hollarda muammoni mutaxassisga murojaat qilmasdan hal qilish imkonini beradi. Masalan, agar akkauntga kirish imkoniyatini tiklash zarur bo‘lsa, bot foydalanuvchini saytning tegishli sahifasiga yo‘naltiradi. Agar bu yetarli bo‘lmasa, darhol qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish mumkin.

Telegram-botning takomillashtirilishi eMaktab’ning foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash boʻyicha umumiy yondashuviga mos keladi: yordam tezkor va foydalanuvchi uchun tanish raqamli muhitga integratsiyalashgan bo‘lishi lozim.

Telegram-botda “Mening arizalarim”, texnik yordam xizmatiga murojaat, tilni o‘zgartirish va platformaning rasmiy kanallariga havolalar kabi bo‘limlar mavjud. “Koʻp beriladigan savollar” (FAQ) bo‘limida onlayn-CHSB bo‘yicha o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun alohida-alohida beriladigan savollarga javoblar to‘plangan. Kelgusida bu bo‘limlar foydalanuvchilarning dolzarb so‘rovlarini inobatga olgan holda to‘ldirib boriladi. Shuningdek, tizimning turli funksiyalari bilan ishlash bo‘yicha yo‘riqnomalar jamlangan qo‘llab-quvvatlash portaliga o‘tish imkoniyatini qo‘shish ham rejalashtirilgan.

“Telegram-botni rivojlantirishdan maqsad — foydalanuvchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayonini tezlashtirish va eMaktab’ning foydalanuvchilar bilan o‘zaro muloqotiga doir umumiy yondashuvi doirasida qo‘llab-quvvatlash xizmatini yanada qulayroq qilishdir”, — deya ta’kidladi eMaktab texnik qo‘llab-quvvatlash xizmati rahbari Hilola Izzatova.

Qo‘llab-quvvatlashning yangi shakli ota-onalar, o‘quvchilar, pedagoglar, maktab administratorlari va ta’lim jarayonidagi boshqa ishtirokchilarning kundalik vazifalariga moslashtirilgan.
Telegram-botga o'tish