O'zb
eMaktab o‘qituvchilar uchun SI-servislarni ishga tushirmoqda
4 may 2026

O‘zbekistonning 100 ta maktabida sinovlarni muvaffaqiyatli o‘tkazgandan so‘ng eMaktab platformasi sun’iy intellekt servislarining sinov loyihalarini kengaytirmoqda: 16-apreldan 26-aprelgacha Surxondaryo viloyatidagi maktab oʻqituvchilari sun’iy intellekt yordamida test va dars ssenariylarini bepul yaratishni oʻrganishdi.

eMaktab ta’lim platformasida o‘qituvchilar uchun SI-servislarni joriy etish davom etmoqda. Ilgari ushbu vositalar O‘zbekistonning 100 ta maktabida sinovdan o‘tkazilib, yaxshi natijalar ko‘rsatgan edi. Olingan tajriba servislarning pedagoglar orasida talabgir ekanligini ko‘rsatdi hamda sinov loyihasini Surxondaryo viloyatida kengaytirish uchun asos bo‘lib xizmat qildi.16-apreldan 26-aprelgacha Surxondaryo viloyatidagi maktab oʻqituvchilari platformaning oʻzida eMaktab’ning yangi servislaridan bepul foydalanishni oʻrganishdi. Pedagoglar uchun ikkita vosita mavjud: testlar generatori va dars ssenariylari generatori. eMaktab metodistlari viloyatda o‘quv seminarlarini o‘tkazib, o‘qituvchilarga yangi vositalarni amalda qo‘llashni ko‘rsatishdi hamda darslarga tayyorgarlikni yengillashtiradigan servislarni o‘zlashtirishga yordam berishdi.


Ushbu sinov loyihasining ishga tushirilishi O‘zbekistonning sun’iy intellektni mas’uliyat bilan joriy etish borasidagi davlat siyosatiga to‘liq mos keladi hamda “Besh million sun’iy intellekt foydalanuvchisi” loyihasini amalga oshirishga hissa qo‘shadi. Tashabbus, shuningdek, ta’limda SI-texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha UNICEF yondashuvlarini inobatga oladi, uning negizida insoniylikka yo‘naltirilgan yondashuv, xavfsizlik, shaffoflik, ma’lumotlar va bola manfaatlarining himoyasi yotadi. Bunda sun’iy intellektga o‘qituvchining o‘rnini bosuvchi vosita sifatida emas, unga yordam beradigan va imkoniyatlarini kuchaytiradigan vosita sifatida qaraladi.

Testlar generatori fan, sinf, savollar soni, murakkablik darajasi, maqsad va tilni hisobga olgan holda dars mavzusi bo‘yicha avtomatik tarzda test yaratish imkonini beradi. Yaratish jarayoni yakunlangach, o‘qituvchiga tayyor Word formatidagi fayl to‘g‘ri javoblar bilan birga taqdim etiladi. Materialni yuklab olish, saqlab qo‘yish va zarurat tug‘ilganda tahrirlash mumkin.
Dars ssenariylari generatori ham xuddi shunday tamoyil asosida ishlaydi va muayyan mavzu bo‘yicha darsning tuzilmasini tezda tayyorlashga yordam beradi. Ushbu servis darsni rejalashtirishda, ayniqsa, sifatli o‘quv materiallarini zudlik bilan tayyorlash zarur bo‘lgan holatlarda qulay yordamchiga aylanadi.

eMaktab sun’iy intellekt xizmatlarining afzalliklari — tezlik, qulaylik va O‘zbekiston ta’lim tizimiga moslashuvchanlikdir. Ushbu vositalar ko‘plab ommabop sun’iy intellekt xizmatlariga qaraganda o‘zbek tilini yaxshiroq tushunadi va maktab dasturining o‘ziga xos jihatlarini inobatga oladi. Shu tufayli o‘qituvchilar darslar uchun yanada aniqroq va foydali materiallarni tezroq yarata oladi, ish yuklamasini kamaytirib, kundalik faoliyatida zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanishi mumkin.

Bunday yondashuvning muhim qismi — SI-vositalarning ishidagi shaffoflik, shaxsga doir ma’lumotlar himoyasi, insoniy nazoratning mavjudligi va bolaning qiziqishlariga ehtiyotkorona munosabat sanaladi. Surxondaryo viloyatidagi eMaktab sinov loyihasi ham aynan shu tamoyillar asosida qurilgan.

Sinov loyihasi yakunlariga koʻra SI-vositalarni boʻlgʻusida kengaytirish imkoniyatlariga baho beriladi.