O'zb
eMaktab Uzum Bank ko‘magida maktab to‘lovlari servisini ishga tushirdi
1 noyabr 2026

Yangi servis ota-onalarga eMaktab ilovasida ta’lim va qo‘shimcha maktab xizmatlari uchun onlayn to‘lovlarni amalga oshirish, ta’lim muassasalariga esa moliyaviy hisobni avtomatlashtirish va ma’muriy yukni kamaytirish imkonini beradi.

O‘zbekistondagi 10 900 dan ortiq maktabni birlashtirgan eMaktab milliy raqamli ta’lim platformasi ta’lim va qo‘shimcha maktab xizmatlari uchun onlayn to‘lov servisini ishga tushirdi. Ta’lim muassasalari uchun servisga ulanish bepul.

Endi ota-onalar o‘qish, ovqatlanish, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va boshqa maktab xizmatlari uchun to‘lovlarni turli to‘lov kanallaridan foydalanmasdan eMaktab veb-sayti yoki ilovasi orqali bank kartalari yordamida amalga oshirishlari mumkin. Shuningdek, foydalanuvchilarga to‘lov holati, to‘lov muddati haqida eslatmalar, operatsiyalar tarixi va elektron cheklar haqida ma’lumotlar taqdim etiladi.

— "Raqamli ta’lim muhitini rivojlantirish jarayonlarni, shu jumladan maktablarning ma’muriy va moliyaviy vazifalarini avtomatlashtirishga kompleks yondashuvni nazarda tutadi. Bugungi kunda ta’lim muassasalari resurslarining katta qismi hanuzgacha qo‘lda hisobga olish, to‘lovlarni solishtirish va tashkiliy masalalar bo‘yicha ota-onalar bilan hamkorlik qilishga sarflanmoqda. To‘lov servisining joriy etilishi bu yuklamani kamaytirish, hisob-kitoblarning shaffofligini oshirish va ota-onalar bilan muloqotni soddalashtirish imkonini beradi. Biz ta’lim muassasalariga ichki jarayonlarni samaraliroq boshqarishga va ta’lim sifatiga ko‘proq e’tibor qaratishga yordam beradigan raqamli infratuzilmani shakllantirish orqali eMaktab imkoniyatlarini izchil ravishda kengaytirmoqdamiz", — deydi eMaktab bosh direktori Aleksandr Potapkin.

— Uzum Bank uchun loyihada ishtirok etish — bu to‘lov infratuzilmasini rivojlantirish va ijtimoiy ahamiyatga ega sohalarda raqamli moliyaviy servislar imkoniyatlarini kengaytirishdir. Yagona to‘lov shlyuzi va Secure Operation yechimidan foydalanish raqamli to‘lov qulayligini moliyaviy operatsiyalarni himoya qilishning qo‘shimcha mexanizmlari bilan uyg‘unlashtirish imkonini beradi, — deydi Uzum Fintech bosh direktori Roman Lavrentyev.

Birinchi bosqichda servis eMaktab'ga ulangan xususiy maktablar uchun mavjud bo‘ladi. Kelgusida platforma to‘lov imkoniyatlarini bosqichma-bosqich rivojlantirish va hamkorlar doirasini kengaytirishni rejalashtirmoqda, bu esa ta’lim va boshqa sohalarda hisob-kitoblarni raqamlashtirish uchun sharoit yaratadi.