O'zb
O‘zbekistonning ta’limni raqamlashtirish borasidagi tajribasi Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vazirligi delegatsiyasiga taqdim etildi
Kecha

eMaktab vakillarining Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vazirligi delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining milliy raqamli yechimlarni xalqaro miqyosda ilgari surish va mahalliy IT-mahsulotlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlari doirasida oʻtkazildi.

Delegatsiya e’tiboriga hozirda butun O‘zbekiston bo‘ylab 10 700 dan ortiq maktabni va 11,9 milliondan ziyod foydalanuvchini, jumladan, o‘quvchilar, ota-onalar va o‘qituvchilarni birlashtirgan eMaktab platformasi ekotizimi taqdim etildi. Mehmonlarga platformaning asosiy imkoniyatlari va afzalliklari namoyish qilindi.

Uchrashuvda eMaktab platformasining ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish borasidagi amaliy imkoniyatlariga: qog‘oz hisobotlarni kamaytirish, hisobotlar avtomatizatsiyasi, mobil ilova va o‘quv ko‘rsatkichlarining monitoringi kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, sun’iy intellektga asoslangan vositalar ham taqdim etildi.

Muloqot davomida eMaktab raqamli yechimlarini joriy etish bo‘yicha amaliy namunalar ham alohida koʻrsatib oʻtildi. Pandemiya davrida eMaktab platformasi ta’lim jarayonining uzluksizligini saqlab qolishga hamda masofaviy shaklda maktab, o‘qituvchi, o‘quvchi va ota-onalar o‘rtasidagi o‘zaro muloqotni ta’minlashga imkon berdi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Milliy gvardiya hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikdagi loyihalar: davomat monitoringi vositalarini rivojlantirish, maktablarning AKT-infratuzilmasi auditi hamda ta’lim muassasalarini kompyuter va internet bilan ta’minlash ishlari alohida qayd etildi.

“Biz bilimlarni baholash yoʻnalishidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga, jumladan, mezonli baholash tizimini joriy etish va chorak uchun summativ baholash (CHSB) jarayonini onlayn-formatda o‘tkazishga alohida e’tibor qaratamiz. 2025–2026-o‘quv yilining uchinchi choragida eMaktab platformasida onlayn-CHSB sinovlari respublika bo‘yicha 3 314 ta maktabda o‘tkazilib, ushbu jarayon 1 596 445 nafar o‘quvchini qamrab oldi. Bu mezonli maktablarning 94% ini tashkil etadi va onlayn baholash formati O‘zbekiston ta’lim tizimiga joriy etilgan samarali vositaga aylanganini ko‘rsatadi”, — qayd etdi eMaktab matbuot kotibi Malika Reymbaeva.

Savol-javoblarga asoslangan sessiya doirasida Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vazirligi delegatsiyasi eMaktab vakillari bilan IT-infratuzilma, shaxsga doir ma’lumotlar himoyasi, raqamli monitoring, shuningdek, maktab va hududlar darajasida o‘quv rejalari, davomat va o‘zlashtirishni baholashga mo‘ljallangan tahliliy vositalarning imkoniyatlarini muhokama qildi.

Uchrashuv O‘zbekistondan tashqarida ham ta’limni raqamlashtirish tajribasiga va, xususan, eMaktab platformasiga qiziqish ortib borayotganini tasdiqladi hamda raqamli ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi.