O'zb
eMaktab: 2026-2027-oʻquv yili boshlanishiga joriy etilgan yangilanishlar
24 avgust 2026

Yangi o‘quv yili arafasida eMaktab milliy raqamli ta’lim platformasi 2026/2027-o‘quv yili uchun sifatli va hamyonbop ta’limga yo‘naltirilgan raqamli vosita hamda yechimlarni taqdim etdi. Yangilanishlar maktablarni o‘quv yiliga tayyorlash, ERP.MAKTAB.UZ bilan integratsiyalash, elektron jurnal yuritish, ta’lim natijalarini monitoring qilish, shuningdek, pedagoglar, maktablar va ota-onalar uchun yangi servislarni ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi.

Yangilanishlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri — jarayonlarni avtomatlashtirish va ta’limga oid ma’lumotlardan tizimli ravishda foydalanish hisobiga o‘qituvchilar hamda maktab xodimlarining qo‘l ishini kamaytirishdan iborat bo‘ldi.

Maktablarni yangi oʻquv yiliga tayyorlash 

O‘quv yili boshlangunga qadar maktablar o‘quvchilar va sinflar haqidagi ma’lumotlarni yangilashi, o‘quv davrlari va dars jadvalini sozlashi, shuningdek, rasmiy taqvim-mavzli rejalarni yuklab olishi lozim.

Maktab ko‘rsatkichlari panelida tayyorgarlikning uchta asosiy bosqichi kuzatib boriladi: joriy sinflarni yangi o‘quv yiliga o‘tkazish, birinchi sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalarini qo‘shish, vaqtincha va doimiy dars jadvalini yaratish. Dastlabki uchta ko‘rsatkich 1-sentyabrgacha bajarilishi, doimiy dars jadvali esa 6-sentyabrgacha tuzilishi lozim.

O‘qituvchilar va maktab xodimlarining qo‘l ishini kamaytirish maqsadida eMaktab tizimi yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik bilan bog‘liq ayrim jarayonlarni avtomatlashtirdi. Tizim vazifalarning qariyb 25 foizini avtomatik tarzda bajara oladi, yana 50 foiz vazifa esa foydalanuvchi tomonidan bitta harakat bilan bajariladigan darajada soddalashtirildi.

Asosiy yangilanishlardan biri — eMaktab’ning ERP.MAKTAB.UZ bilan yanada chuqurroq integratsiyalashgani. Buning uchun maktab eMaktab’da sinflarni tayyorlashi va “Sinxronizatsiya” funksiyasini ishga tushirishi lozim. Shundan so‘ng tizim ERP’dan o‘quvchilar va sinflar haqidagi ma’lumotlarni oladi, o‘quvchilar qabuli va chetlatilishini aks ettiradi, shaxsiy ma’lumotlarni yangilaydi hamda sinflarni yangi o‘quv yiliga o‘tkazadi.

Kelgusida o‘quvchilarni qabul qilish, ko‘chirish, chetlatish va bitirish bilan bog‘liq o‘zgarishlar ERP.MAKTAB.UZ tizimiga kiritiladi va avtomatik ravishda eMaktab’da ham aks etadi.

Shuningdek, sinflarning hisobot davrlari, ta’lim tili va elektron jurnalning an’anaviy yoki mezonli turi kabi ayrim asosiy sozlamalari ham avtomatlashtirilmoqda.

Tayyor TMR va elektron jurnal tekshiruvi 

Tasdiqlangan yillik taqvim-mavzuli rejalar tizimga markazlashgan holda joylashtiriladi. Pedagog jurnalda “MMTVdan tayyor TMR” funksiyasini tanlab, kerakli rejani qo‘lda yaratmasdan yuklab olishi mumkin bo‘ladi.

Yangi o‘quv yilida eMaktab elektron jurnallarni sozlashning to‘g‘riligini tekshirish vositalarini kengaytiradi. Tizim maktab ma’muriyati va pedagoglarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nomuvofiqliklar haqida xabardor qila oladi, jumladan, jurnal fanini va baholash davrini, mezonli baholash qo‘llaniladigan sinflarda esa — tanlov fanlarining sinf sozlamalariga mosligini tekshiradi.

Bu yakuniy natijalarni e’lon qilish va ma’lumotlarni boshqa axborot tizimlariga uzatishdan oldin jurnallarni sozlashdagi xatoliklarni aniqlash hamda tuzatish imkonini beradi.

Elektron jurnalni yuritish va monitoring 

2026/2027-o‘quv yilida elektron jurnalni o‘z vaqtida yuritishga, ya’ni baholarni, davomat va uyga vazifalar haqidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida kiritishga alohida e’tibor qaratiladi.

eMaktab monitoring vositalari mutaxassislarga ta’lim muassasalari bo‘yicha umumiy manzarani ko‘rish, e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalarni aniqlash hamda maktablarga metodik va tashkiliy yordam ko‘rsatish imkoniyatini beradi.

Kriterial baholash tizimi bilan ishlaydigan maktablar uchun yangi hisobotlar tayyorlandi.

“BSB/CHSB monitoringi” hisoboti ma’muriyatga baholash ishlarining rejalashtirilgan va haqiqiy natijalarini, o‘quvchilar qamrovini, mavjud bo‘lmagan natijalarni, sifat va o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini kuzatib borish, shuningdek, qo‘shimcha e’tibor talab etadigan sinflar va fanlarni aniqlash imkonini beradi.

“Sinf bo‘yicha tafsilotlar” hisoboti umumiy statistikadan aniq bir o‘quvchining natijalariga o‘tishga: alohida ishlarning natijalarini, ularning bajarilish foizini, o‘quvchining individual bo‘shliqlarini, yakuniy ballar yig‘indisini va choraklik bahoni ko‘rishga imkon yaratadi.

Toshkentning 20 ta maktabida muhandislik sinflari 

Yangi o‘quv yilida Toshkent shahridagi 20 ta maktabda robototexnika, dasturlash va 3D-modellashtirish bo‘yicha muhandislik sinflarini tajriba tariqasida ochish rejalashtirilgan.

Dastur robototexnika va dasturlash, datchiklar bilan ishlash, Python va Arduino, sxemotexnika hamda 3D-modellashtirishni bosqichma-bosqich o‘zlashtirib, so‘ngra mustaqil muhandislik loyihalarini amalga oshirishga o‘tishni nazarda tutadi.

Loyiha o‘z ichiga zarur uskunalar, o‘quv metodikasi, pedagoglarni tayyorlash va uslubiy qo‘llab-quvvatlashni qamrab oladi. Tajriba-sinov yakunlariga ko‘ra loyihani kengaytirishning keyingi modeli aniqlanadi.

Ota-onalar uchun fintex-servislar 

2026/2027-o‘quv yilida eMaktab platformaning voyaga yetgan foydalanuvchilari uchun fintex-servislarni rivojlantirishni boshlaydi. Birinchi yo‘nalish “eMaktab To‘lovlari” bo‘ladi.

Ushbu servis maktablarga tizimda hisobvaraqlar yaratish va to‘lovlar holatini qo‘lda solishtirmasdan kuzatib borish imkonini beradi. Ota-onalar esa hisobvaraqlarni bir joyda ko‘rishi, to‘lov muddatlari haqida eslatmalar olishi va ularni raqamli tarzda to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Servisning sinov loyihasi 2026-yil sentyabr oyida Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi xususiy maktablarda ishga tushiriladi. Kelgusida loyihani bosqichma-bosqich kengaytirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, ota-onalar uchun qo‘shimcha moliyaviy xizmatlar, jumladan, yirik to‘lovlarni qismlarga bo‘lib to‘lash imkoniyati, eMaktab kartalari orqali imtiyozlar va boshqa amaliy funksiyalarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Sun’iy intellekt 

eMaktab e’lon qilgan tashabbuslar orasida o‘qituvchining SI-yordamchisi, dars konstruktori, yozma ishlarni avtomatik tekshirish va elektron jurnalni ovozli to‘ldirish kabi yangiliklar bor.

Bu vositalar pedagoglar uchun platformaning raqamli xizmatlarini rivojlantirishning navbatdagi bosqichi sifatida ko‘rib chiqilmoqda

eMaktab Gap — ta’lim haqidagi ekspert kanali

Kanal “Ta’lim haqida — sodda tilda foyda bilan” tamoyili asosida ishlaydi. Uning tahririy yondashuvi tushunarli taqdimot, faktlar va ma’lumotlarga tayanish, materiallarning maktablar, pedagoglar va ota-onalar uchun professional ekspertizasi hamda amaliy ahamiyatiga asoslanadi. eMaktab Gap’da maktablar tajribasi asosidagi materiallar, pedagog va mutaxassislarning sharhlari, tahlillar va tadqiqotlar, shuningdek, ta’limning dolzarb masalalariga oid tahliliy maqolalar chop etib boriladi. eMaktab Gap Telegram, Instagram va eMaktab platformasidagi hamjamiyatda faoliyat yuritadi.

eMaktab haqida

eMaktab — O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining yagona raqamli ta’lim platformasi. Ushbu platforma o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ota-onalar, maktab ma’muriyati va ta’limni boshqarish idoralarini birlashtirib, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirishga, tizim ishtirokchilari o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga hamda masofaviy, mustaqil va qo‘shimcha ta’lim uchun imkoniyatlar yaratishga yordam beradi.

OAV uchun kontaktlar:
press@emaktab.uz