O'zb
Kundalik haqida ko‘p beriladigan savollarga javoblar
4 sentabr 2020

Yangi o‘quv yilidan boshlab O‘zbekistondagi 1200 ta maktab qog‘oz jurnallar va kundaliklarsiz ishlashni boshlaydi. Shu munosabat bilan ota-onalarda ko‘plab savollar tug‘ilgan bo‘lib, ular shu haqda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zaro munozaralarga kirishishmoqda. Mazkur maqolada eng ko‘p berilayotgan savollarga javoblar to‘plangan. 

  • Nega elektron kundalik pullik qilindi?

Foydalanuvchilar uchun yillik obuna qiymati Xalq ta'limi vazirligi tomonidan loyihaga texnik xizmat ko‘rsatish va uni yanada rivojlantirish hisobidan belgilangan, chunki Kundalik tizimi davlat tomonidan moliyalashtirilmaydi.

  • Kundalik tizimiga obuna bo‘lish ota-onaga va o‘quvchiga qanchaga tushadi?

Elektron kundalikka obuna bo‘lish yiliga 10 ming so‘mni tashkil qiladi. Bu pulga o‘quvchi, uning ota-onasi va bolaning maktabdagi hayotini nazorat qilib borishni xohlaydigan boshqa qarindoshlari Kundalik tizimidan foydalanishi mumkin.

  • O‘qituvchilar ham elektron jurnal uchun to‘lashlari kerakmi?

O‘qituvchilar uchun elektron jurnal bepul taqdim etiladi. 

  • Onlayn-rejimda baho olishdan tashqari biz yana nima uchun to‘laymiz?

O‘quvchiga bitta qog‘oz kundalik bir yilga yetmaydi, elektron kundalik bu muammoni hal etadi – o‘quvchi va uning oila a'zolari qog‘oz kundalik qiymatiga teng summani bir marta to‘lagan holda tizimdan foydalanishlari mumkin. Bolalar yashirishi, baholarni o‘chirishi va to‘g‘irlashi mumkin bo‘lgan qog‘oz kundalikdan farqli o‘laroq, oila xuddi shu narxga ta'lim platformasidan foydalanish bo‘yicha zamonaviy vositaga ega bo‘ladi. Kundalik tizimida qo‘shimcha foydali funksiyalar ko‘zda tutilgan, xususan: zarurat bo‘lganida masofadan turib shug‘ullanish, foydali onlayn-materiallardan foydalanish imkoniyati. Endi ota-onalarda shunchaki baho qo‘yiladigan daftar uchun emas, balki uning zamonaviy raqamli analogi uchun to‘lash imkoniyati mavjud.

Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, bolalar hatto karantin davrida ham elektron kundalik yordamida muvaffaqiyatli ta'lim oldi, ko‘proq motivasiyani hamda uy vazifalarini, sinf ishlarini bajarishda mustaqillikni namoyon etishdi. Kundalik tizimi o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini hamda davomat ko‘rsatkichlarini oshirishga ko‘maklashadi, bolalar o‘quv jarayoniga faolroq jalb etiladi.

  • Mamlakatimizda ta'lim bepul. Soliqlarni to‘lab qo‘ygan bo‘lsak, nega endi biz elektron kundalik uchun yana to‘lashimiz kerak?

Ta'lim to‘g‘risidagi qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida bepul o‘rta va maxsus ta'lim olish uchun har bir kishiga teng huquqlar kafolatlanadi. Bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari bolaning qonuniy huquqlarini va manfaatlarini himoya qilishi shart, ular bola tarbiyasi, uning maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limini olishi uchun javobgardir, – deyiladi Qonunda. Bu bolalarni ta'lim olish uchun barcha zarur narsalar bilan ta'minlash ota-onaning vazifasi ekanini anglatadi. Kundalik va boshqa maktab anjomlari maktab tomonidan bepul taqdim etilmaydi, ota-ona har doim bola uchun barcha zarur narsalarni mustaqil ravishda xarid qilgan. Elektron kundalik joriy etilishi bilan qog‘oz hujjatdan elektron hujjatga transformasiya yuz beradi. Shu bois qog‘oz kundalik xarid qilish o‘rniga elektron kundalikdan foydalanish imkoniyatini rasmiylashtirish lozim. Ota-onalarda tanlash huquqi bor: o‘z hayotlarini qulayroq qilish, xuddi shu pulning o‘ziga o‘z farzandlarining savodxonlik darajasini oshirish yoki bundan voz kechib, maktabga murojaat qilish.

  • Farzandlari maktabda o‘qiydigan o‘qituvchilar ham elektron kundalikni xarid qilishi shartmi?

Har qanday o‘quvchi, ota-onasi maktab xodimi bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat'i nazar, maktabga kundalik bilan keladi. Shu bois, agar odam tizimda bir vaqtning o‘zida ham o‘qituvchi, ham ota-ona rolida bo‘lsa, unda u pedagog funksionalidan o‘qituvchi rolida bepul foydalanishi mumkin. Ota-onalar akkauntining funksiyalari esa elektron kundalikni xarid qilgandan so‘ng ochiq bo‘ladi.

  • Elektron kundalik uchun pul qanday to‘lanadi?

1 sentyabr' kuni tizim ota-onalarga 30 kunlik sinov davrini faollashtirishni taklif etadi. Ushbu muddat tugaganidan keyin obunani foydalanuvchining shaxsiy kabinetida Click yoki Uzcard to‘lov kartasi yordamida rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.

  • Bu tizim O‘zbekistonda nega kerak?

Ota-onalar elektron kundalik yordamida, uydan chiqmasdan va ishdan chalg‘imasdan, o‘z farzandlarining baholarini, uy vazifalarini va davomatini onlayn rejimda nazorat qilishlari mumkin. Ushbu raqamli vosita eng muhim maktab yangiliklaridan, masalan, jadvaldagi o‘zgarishlardan yoki tantanali kiyimda kelish zaruratidan xabardor bo‘lish imkonini beradi. Agar o‘qituvchi yoki boshqa ota-onalar bilan biror masalani muhokama qilish kerak bo‘lsa, buni ham tizim ichida tez va oson qilish mumkin.

Elektron kundalik tufayli bolalarda darsda faolroq bo‘lish, orqa partada jimgina o‘tirmasdan o‘z iste'dodlari va imkoniyatlarini namoyon etish uchun ko‘proq motivasiya paydo bo‘ladi. Bunda o‘qituvchi bevosita dars paytida o‘quvchining ota-onasiga sharh yozishi, bolani maqtashi yoki, aksincha, nomaqbul xulqiga e'tibor qaratishi mumkin.

Shuningdek platforma o‘qituvchilarga ortiqcha qog‘oz hujjatlarni to‘ldirishga vaqt sarflamaslikka va vaqtini ko‘proq ta'lim jarayoniga ajratishga, o‘qitish ishlariga ijodiy yondashishga yordam beradi.  

  • Agar uyda komp'yuter va Wi-Fi bo‘lmasa, nima qilish mumkin?

Platformada ishlash uchun internetga ulangan har qanday qurilmadan foydalanish mumkin: komp'yuter, noutbuk, planshet, mobil telefon. Kundalik.com sayti TAS-IX zonasida joylashgan bo‘lib, platforma bilan ishlaganda internet-trafik, shu jumladan mobil operatorlar tomonidan taqdim etiladigan internet sarflanmaydi.

  • Tizim yangi o‘quv yiliga tayyormi?

“O‘zbektelekom” AK milliy operatori bilan hamkorlikda o‘quv yili boshlanishiga tayyorgarlik ko‘rildi. Platformaning uzluksiz ishlashi kompaniyaning faqat texnik imkoniyatlariga bog‘liq emas, biz provayderlar va boshqa mas'ul tuzilmalar bilan birgalikda tizimning yangi o‘quv yilida uzluksiz ishlashini ta'minlash uchun barcha choralarni ko‘ryapmiz.