O‘zbekistonda ta’limni raqamli transformatsiya qilish strategiyasini amalga oshirish davom etmoqda. O‘qituvchilarning IV Milliy forumida eMaktab platformasi o‘qituvchilarning kundalik yuklamasini kamaytirish, baholash shaffofligini oshirish va maktablarda raqamli savodxonlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator asosiy yangilanishlarni taqdim etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan forum mamlakatimizning barcha hududlaridan 600 dan ortiq pedagoglarni birlashtirdi va islohotlar, yangi pedagogik amaliyotlarni muhokama qilish maydoniga aylandi.
Avtomatlashtirish va byurokratiyani kamaytirishga e’tibor qaratish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-fevraldagi “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi O‘RQ-901-sonli Qonunida o‘qituvchilarga qo‘yiladigan yangi kasbiy talablar belgilangan. Ushbu qonunning 7-moddasiga ko‘ra, pedagog “axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, ta’lim va tarbiyaning ilg‘or hamda innovatsion shakl va usullaridan foydalanishi shart”. Shu orqali, zamonaviy raqamli vositalarni qo‘llash odatiy holga aylanadi.
Ushbu o‘zgarishlarga javoban eMaktab raqamli platformasi o‘qituvchilarni yangi kasbiy vazifalarni bajarishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangilangan yechimlarni taqdim etdi. Ular orasida: tayyor taqvim-mavzu rejalari, avtomatlashtirilgan diagnostika testlari, raqamli topshiriqlar va tahliliy vositalar mavjud. Ushbu funksiyalar qonun qoidalarining amaliy ijrosini ta’minlaydi, yuklamani kamaytirishga ko‘maklashadi va ta’lim jarayonini zamonaviy standartlarni hisobga olgan holda tashkil etishga yordam beradi.
eMaktab jamoasi joriy o‘quv yilida o‘qituvchilar uchun mavjud bo‘ladigan yangi raqamli yechimlarni taqdim etdi:
- MTMning barcha sinflar uchun tayyor taqvim-mavzu rejalari – elektron jurnalga joylashtirilgan, endi fayllarni yuklab olish va qayta ishlashning hojati yo‘q. 5-sinf matematika fani uchun esa taqvim-mavzu rejasiga mos keladigan raqamli uy vazifalaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
- 5-11 sinflar uchun matematika fanidan diagnostik onlayn testlar – 5-11 sinf o‘quvchilarining bilimlarini tekshirish, mavzular bo‘yicha tahlil qilish va tuzatish bo‘yicha tavsiyalar bilan to‘liq avtomatlashtirilgan modul.
Ma’murlar uchun “Sayt-shpargalka” – eMaktab platformasida o‘quv yili boshlanishidan oldin ta’lim tashkilotlarini tayyorlash bo‘yicha bosqichma-bosqich rejaga ega.
O‘qituvchilar uchun “sayt-eslatma” – TMR va diagnostika testlari joylashtirilgan.
Baholar – bitta tugmachada
BSB va CHSB uchun ballarni avtomatik qo‘yish funksiyasi mezonli maktablarda faol qo‘llanilmoqda. Pedagog ishlarni qo‘lda tekshirishi shart emas – tizim ballarni avtomatik ravishda hisoblaydi va ularni elektron jurnal bilan sinxronlashtiradi. Bu ish vaqtini tejash va inson omilini bartaraf etish imkonini beradi.
“Har o‘quv yilida biz eMaktab platformasida kengaytirilgan raqamli yechimlar to‘plami bilan tanishamiz. Dasturiy yangilanishlar nafaqat o‘qituvchi va o‘quvchilarga, balki Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining yangi me’yorlariga muvofiq maktab jarayonlarini samarali tashkil etishga qaratilgan. Bizning asosiy vazifamiz zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalangan holda o‘qituvchi uchun qulay, tushunarli ish sharoitlarini yaratishdir. eMaktab vositalari o‘qituvchilarga kundalik vazifalarni bajarishda vaqtni sezilarli darajada tejash imkonini beradi, chunki ko‘plab jarayonlar allaqachon avtomatlashtirilgan. 2 mingdan ortiq o‘qituvchi ishtirok etgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston o‘qituvchilarining 89 foizi raqamli ta’lim platformasi joriy etilishi munosabati bilan ish yuklamasi kamayganini ta’kidlagan. 70% o‘qituvchilar elektron jurnal tufayli hisobotlarni to‘ldirishda kuniga qariyb 1 soatdan ko‘proq vaqtni, 26% esa kuniga o‘rtacha yarim soat vaqtni tejab qoladilar,” – deb ta’kidladi eMaktab matbuot xizmati rahbari Malika Reymbayeva.
Forumda taqdim etilgan qarorlar O‘zbekistonda maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyaning bir qismidir. Rivojlanish vektori o‘zgarishsiz qolmoqda: o‘rta ta’lim sifatini oshirish, texnologiyalardan teng foydalanish va butun mamlakat bo‘ylab o‘qituvchilarning raqamli salohiyatini kengaytirish.
Hasanov Muhammad Rizo, Toshkent shahridagi 8-maktab tarix fani o‘qituvchisi:
“Bugungi seminar yuqori darajadagi tashkilotchilik va mazmundorlikni namoyish etdi. Yangi o‘quv yilida joriy etiladigan eMaktab platformasining barcha so‘nggi yangilanishlari haqida to‘liq ma’lumot oldim. Bu yangiliklar bizning pedagog sifatidagi imkoniyatlarimizni sezilarli darajada kengaytiradi va o‘quv jarayonini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi.
Ayniqsa, onlayn uy vazifalari funksiyasi katta yordam beradi. Platforma nafaqat topshiriqlarni qulay va markazlashgan holda joylashtirishni ta’minlaydi, balki ularning bajarilish vaqti, o‘zlashtirish darajasi va qo‘yilgan baholarni real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi. Bu o‘quvchi bilan qayta aloqa o‘rnatish uchun sharoit yaratadi, motivatsiya va intizomni oshiradi, shuningdek, o‘quvchilarda natija uchun mas’uliyatni shakllantirishga yordam beradi.”
Ma’murlar uchun shpargalka saytiga o’tish
O‘qituvchilar uchun shpargalka saytiga o‘tish
Rasmiy eMaktab ijtimoiy tarmoq kanallari:
Telegram kanali | Instagram | Facebook | YouTube